Niko Shlotterbek faqat «Real» uchun «Borussiya»dan ketishga tayyor
Dortmundning «Borussiya» klubi va Germaniya terma jamoasi himoyachisi Niko Shlotterbek o‘z kelajagi borasida bir qarorga keldi. BILD nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi dortmundliklar safini faqat bir jamoa — Madridning «Real» klubi taklifi uchun tark etishga tayyorligini bildirgan.
Hozirda «qirollik klubi» himoyachiga jiddiy qiziqish bildirmoqda va ushbu transfer 40-50 million yevroga baholanishi mumkin. Shlotterbek «asalarilar» bilan 2027 yilda yakuniga yetadigan amaldagi shartnomasini uzaytirish niyatida emas.
Avvalroq, «Borussiya» rahbariyati futbolchini olib qolish uchun uning yillik maoshini uch baravardan ko‘proqqa, ya’ni 2,5 million yevrodan 8 million yevrogacha oshirishni taklif qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq, rad etib bo‘lmas moliyaviy taklifga qaramay, himoyachi faoliyatida yangi sahifa ochishni afzal ko‘rmoqda.
Qayd etilishicha, germaniyalik iqtidor egasiga «Real»dan tashqari «Bavariya» va «Barselona» kabi grand klublar ham da’vogarlik qilmoqda.
Joriy mavsumda Shlotterbek «Borussiya» safida barcha musobaqalarda 26 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 2 ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali 26 yoshli himoyachining bozor qiymatini 55 million yevro deb baholagan.