Neymar soʻnggi uch yarim oy ichida ilk golini urdi
«Santos» hujumchisi Neymar Braziliya A Seriyasining 34-turida «Mirasol»ga qarshi o‘yinda gol urdi. Yakunda tomonlar 1:1 hisobidagi durangga imzo chekishdi.
Bu gol Neymar uchun so‘nggi uch yarim oy ichidagi birinchisi bo‘ldi. U oxirgi bor 18-turda «Juventude»ga qarshi o‘yinda dubl qayd etgandi (3:1).
Eslatib oʻtamiz, Neymar sentabr o‘rtalarida tizza osti payidan jarohat olib, chempionatning yetti o‘yinini o‘tkazib yuborgan edi.
«Mirasol»ga qarshi bahsda gol urishdan tashqari, Neymar ikkinchi bo‘lim boshida o‘z jarima maydonchasida qo‘pollik qilgani bilan ham esda qoldi. Natijada mehmonlar himoyachisi Reynaldo penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi.
Maʼlumot uchun, Neymar — «Santos» akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, jamoaga 2025 yilning yanvarida qaytgandi. Saudiyaning «Al-Hilol» klubidan qaytgach, 33 yoshli vinger deyarli bir yil ichida 27 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma amalga oshirdi.