Neymar ayol hakamga nisbatan buzuq soʻzlar aytgani uchun uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin
«Santos» jamoasining braziliyalik hujumchisi Neymar hakam Savio Pereyra Sampayoga nisbatan buzuq mazmundagi haqoratli ibora ishlatgani uchun 5 tadan 10 tagacha o‘yinga chetlatilishi kutilmoqda. Mazkur ko‘ngilsiz hodisa 3 aprel kuni Braziliya A Seriyasining 9-turi doirasida kechgan va «Remo» ustidan qozonilgan g‘alaba (2:0) bilan yakunlangan bahsdan so‘ng yuz bergan.
Uchrashuvning 86-daqiqasida sportga xos bo‘lmagan xulq-atvori uchun sariq kartochka olgan Neymar o‘yindan so‘ng hakamning qaroriga nisbatan o‘z noroziligini quyidagicha bayon qildi:
«Bu kartochka adolatsiz. O‘yin oxirida menga nisbatan juda qo‘pol va asossiz zarba berishdi. Men bu holatni hakam bilan muhokama qilmoqchi bo‘lganimda, u menga sariq kartochka ko‘rsatdi. Savio — shunaqa hakam, u bugun «chap oyog‘i bilan turgan» (portugal tilida Neymar «acordou de Chico» iborasini ishlatgan) va maydonga shunday holatda tushib kelgan», — deya futbolchining so‘zlarini keltirmoqda Sport.es nashri.
Braziliyada «acordou de chico» iborasi ayollarning hayz ko‘rish davridagi holatiga nisbatan kamsituvchi va haqoratli ma’noda qo‘llaniladi. Shuningdek, «chico» so‘zi tarixan «cho‘chqa» yoki «iflos» degan ma’nolarni ham anglatib kelgan. Aynan shu seksistik mazmundagi chiqishi sababli futbolchiga nisbatan jiddiy jazo choralari ko‘rilishi kutilmoqda.
Olingan sariq kartochka sababli Neymar «Flamengo»ga qarshi navbatdagi muhim bahsni baribir o‘tkazib yuboradi. Agar intizom qo‘mitasi qo‘shimcha diskvalifikatsiya haqida qaror chiqarsa, u jamoasiga uzoq vaqt yordam bera olmaydi.
Ma’lumot o‘rnida, Neymar joriy mavsumda barcha musobaqalarda 6 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol va 3 ta samarali uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan edi.