«Neftchi»ning raqibi o’zgardi
“Neftchi” — “Bars” (Qirg‘iz Respublikasi) uchrashuvi ertaga Toshkent vaqti bilan 17:30 da start oladi.
Фото: Нефтчи ПФК
Avval xabar berganimizdek, Turkiyada yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirayotgan “Neftchi” jamoamiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini doirasida bir nechta o‘rtoqlik nazorat uchrashuvlarini o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Jumladan, ertaga Donetskning “Shaxtyor” klubiga qarshi navbatdagi nazorat bahsi belgilangan edi.
Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, ukrainaliklar mazkur uchrashuvni o‘tkazishdan bosh tortishdi. Shu sababli jamoamiz rahbariyati zudlik bilan yangi raqib izlashga kirishdi va ertangi nazorat uchrashuvi uchun Qirg‘iz Respublikasining amaldagi chempioni — Issiqko‘l viloyatining “Bars” klubi bilan kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, “Neftchi” — “Bars” (Qirg‘iz Respublikasi) uchrashuvi ertaga Toshkent vaqti bilan 17:30 da start oladi.
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist