locale OZ

“Neftchi” jamoasi yangi mavsum oldidan tayyorgarlik jarayonida murabbiylar shtabini yangilamoqda

Klub rahbariyati bilan hamkorlikda bir qator malakali mutaxassislar jamoamizga taklif etildi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
“Neftchi” jamoasi yangi mavsum oldidan tayyorgarlik jarayonida murabbiylar shtabini yangilamoqda
photo: Neftchi FK


“Neftchi” jamoasi yangi mavsum oldidan tayyorgarlik jarayonini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida murabbiylar shtabini kengaytirish va kuchaytirish ishlarini davom ettirmoqda. Klub rahbariyati bilan hamkorlikda bir qator malakali mutaxassislar jamoamizga taklif etildi.

Avvalroq jamoaga Germaniyadan taklif etilgan mutaxassis bosh murabbiy yordamchisi sifatida faoliyat boshlagan edi. Bu — Yevropa maktabining zamonaviy yondashuvlarini jamoamizga olib kirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Bugundan e’tiboran esa Qozog‘istonda 4 karra chempion bo‘lgan, katta tajribaga ega mutaxassis Vitaliy Galat “Neftchi”ning darvozabonlar murabbiyi sifatida ish yuritishni boshladi. Galat o‘z faoliyati davomida ko‘plab iqtidorli darvozabonlarni tayyorlagan, sovrinli o‘yinlarda ishonchli o‘yin ko‘rsatishga o‘rgatgan, metodikasi esa Markaziy Osiyo futbolida yuqori baholangan. Uning tajribasi darvozabonlarimizning texnik va taktik jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim omil bo‘ladi.

Photo: Neftchi FK

Shu bilan birga, jamoamizning jismoniy tayyorgarlik darajasini yevropacha standartlarga moslashtirish maqsadida gretsiyalik mutaxassis Antonio Sario‘g‘lu bilan shartnoma imzolandi. Antonio 2018–2019 yillarda O‘zbekiston milliy terma jamoasida mashhur murabbiy Ektor Kuperning jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha yordamchisi sifatida faoliyat olib borgan. U terma jamoa futbolchilarining chidamlilik, tezlik, kuch va tiklanish jarayonlarini ilmiy yondashuv asosida shakllantirgan mutaxassis sifatida tanilgan.

Photo: Neftchi FK


Klub rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan bu o‘zgarishlar jamoaning yangi mavsumdagi maqsadlari bilan uyg‘un keladi — “Neftchi” kuchli, intizomli va zamonaviy futbol o‘ynaydigan jamoani shakllantirmoqda.

Yangi mutaxassislarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha yuksak natijalar va muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ularning kelishi jamoamizning bosh murabbiyi Islombek Ismoilovga yordamchi murabbiylar sifatida professional rivoji, sport natijalari va yangi mavsumdagi ambitsiyalariga albatta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting