«Neftchi» braziliyalik markaziy himoyachi bilan shartnoma imzoladi
Farg‘onaning "Neftchi" klubi Osiyo Chempionlar Ligasi Elit bahslari oldidan mudofaa chizig‘ini kuchaytirishda davom etmoqda. Jamoa braziliyalik markaziy himoyachi Mikel Augusto Modesto Rafael dos Santosni o‘z safiga qo‘shib oldi.
23 yoshli futbolchi yangi mavsumdan boshlab Farg‘ona klubi sharafini himoya qiladi. 190 santimetr bo‘yga ega Mikel Augusto asosan markaziy himoyachi pozitsiyasida to‘p tepadi.
Braziliyaning Avare shahrida tug‘ilgan futbolchi "Palmeyras" akademiyasida tarbiyalangan. U klubning turli yosh toifalaridagi jamoalarida o‘ynab, keyinchalik asosiy tarkibgacha yetib borgan va Braziliya A Seriyasida ham maydonga tushgan.
Mikelning faoliyatida terma jamoalar miqyosidagi tajriba ham bor. U Braziliya yoshlar terma jamoasi tarkibida O‘zbekiston U-20ga qarshi uchrashuvda qatnashgan.
Himoyachining yoshlar futbolidagi muhim yutuqlaridan biri 2023-yilgi Panamerika o‘yinlariga to‘g‘ri keladi. Mikel Braziliya U-23 terma jamoasi bilan musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritgan va turnir davomida 4 ta bahsda ishtirok etgan.