Navbahor. Mavsum - 2025 yakunlari: Tomoshabinlar tashrifi
“Navbahor”ning yakunlangan mavsumda qayd etgan statistik natijalari bilan tanishtirishda davom etamiz.
O‘zingizga ma’lum, maydondagi futbolchilarga muxlislarning ruhan qo‘llab-quvvatlashlari hamda dalda berishlari ham ruhiy quvvat beradi va hujumkorlikni oshirish, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishda muhim omil bo‘lib, xizmat qiladi.
Namangan – futbolsevarlar viloyati ekanligi, “Navbahor” 1991-yili sobiq ittifoq birinchi ligasida o‘ynaganida, muxlislar tashrifi bo‘yicha Moskvaning “Spartak” jamoasidan keyin 2-o‘rinni egallaganligi ham bunga misol bo‘la oladi.
Namanganlik ishqibozlarning dovrug‘i Osiyo hamda MDH mamlakatlariga taralgan. Shu bois bo‘lsa kerak, boshqa klublar rahbarlari, murabbiylari va futbolchilari “Navbahor”ga havas bilan qarashadi.
Xo‘sh, o‘z muxlislari bilan dovrug‘ taratgan “lochinlar”ning mavsum – 2025 dagi bahslariga qancha tomoshabin tashrif buyurdi?
“Navbahor”ning yakunlangan mavsumdagi o‘yinlarini jami 248 470 nafar muxlis bevosita stadionlarda tomosha qildi. Bu esa “lochinlar” ishtirokidagi har bir bellashuvga o‘rtacha 8 282 nafar tomoshabin to‘g‘ri keladi, degani.
“Navbahor”ning o‘z maydonidagi 15 ta uchrashuviga jami 144 435 nafar, safardagi 15 ta o‘yiniga esa jami 104 035 nafar ishqiboz tashrif buyurdi.
Bitta o‘yinda eng ko‘p muxlis to‘plash bo‘yicha rekord ham jamoamizga tegishli. Superliganing 5-turidan o‘rin olgan, joriy yilning 11 aprel kuni Namangandagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tgan “Navbahor” – “Sho‘rtan” (2:0) jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga 25 250 nafar (!) tomoshabin tashrif buyurdi.
Biz yangi – 2026-yilgi mavsumda ham “Navbahor”ning ashaddiy va sadoqatli ishqibozlaridan shunday fidoyilikni kutib qolamiz.
Navbahor rasmiy sahifasidan olindi.