Navbahor. Mavsum – 2025 yakunlari: Penaltilar
“Navbahor”ning yakunlangan mavsumga oid statistik ma’lumotlari bilan tanishtirishda davom etamiz. Quyida penaltilar borasida to‘xtalib o‘tamiz.
Superliga – 2025 mavsumida uchrashuv hakamlari “lochinlar” darvozasiga 8 ta o‘yinda 11 metrli jarima zarbasi belgilashdi (jamoamiz foydasiga belgilangan penaltilar borasida quyida to‘xtalamiz).
“Lochinlar” darvozasiga Namangandagi “Qo‘qon-1912” (11-tur, 3:0), safar bellashuvlaridagi “Surxon” (6-tur, 1:0), “Qizilqum” (8-tur, 3:2), “Bunyodkor” (10-tur, 2:3), “Nasaf” (12-tur, 1:0), “Dinamo” (16-tur, 2:2), “Buxoro” (22-tur, 5:0), “Xorazm” (24-tur, 1:1) jamoalariga qarshi kechgan o‘yinlarda penaltilar belgilandi hamda ushbu 11 metrli jarima zarbalarini Elguja Lobjanidje (“Qizilqum”), Imeda Ashortia (“Bunyodkor”), Dragan Cheran (“Nasaf”), Toma Tabatadze (“Buxoro”) va Murodbek Bobojonov (“Xorazm”)lar aniq amalga oshirgan bo‘lishsa, Jasur Xolto‘rayev (“Qo‘qon-1912”) va Jurani Ferreyra (“Dinamo”)larning zarbalariga aniqlik yetishmadi, Kirill Kolesnichenko (“Surxon”)ning zarbasini esa jamoamiz darvoaboni Shukron Yo‘ldoshev bartaraf etdi.
Mazkur uchrashuvlarning 4 tasida penaltilar o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazgani yo‘q hamda vakillarimiz “Qo‘qon-1912” (3:0) va “Bunyodkor” (3:2) jamoalarini mag‘lubiyatga uchratishgan bo‘lsa, “Dinamo” (2:2) hamda “Xorazm” (1:1) jamoalariga qarshi kechgan uchrashuvlarda durangga imzo chekishdi.
Qolgan bahslarda esa “lochinlar” imkoniyatni boy berishdi (o‘yinlar natijalari yuqorida qavs ichida keltirilgan).
Kezi kelganida termizliklarning rossiyalik hujumchisi Kirill Kolesnichenko garchi penaltidan samarali foydalana olmagan bo‘lsada, keyinchalik “Surxon”ga g‘alaba keltirgan yagona golni ham urganligini ta’kidlash joiz.
Hakamlar tomonidan “Navbahor” foydasiga 7 ta 11 metrli jarima zarbasi belgilandi hamda ushbu penaltilardan 3 tasini mahoratli yarim himoyachi Ruslanbek Jiyanov, shuningdek, yana bittadan 11 metrli jarima zarbalarini yakunlangan mavsumda “Yil kashfiyoti”ga aylangan Abbosjon G‘ulomov va tajribali hujumchi Zabihillo O‘rinboyevlar aniq amalga oshirgan bo‘lishsa, yana bittadan 11 metrli jarima zarbalaridan jamoamiz sardori Azimjon Ahmedov hamda Ruslanbek Jiyanovlar foydalana olishmadi.
Uchrashuv hakamlari “lochinlar”ning o‘z maydonidagi “Sho‘rtan” (5-tur, 2:0), “Xorazm” (9-tur, 1:0), “Qo‘qon-1912” (11-tur, 3:0), “Mash’al” (14-tur, 6:0) va “Bunyodkor” (25-tur, 0:2), safar bellashuvlaridagi “Bunyodkor” (10-tur, 2:3) hamda “Dinamo” (16-tur, 2:2) jamoalari bilan kechgan o‘yinlarida raqiblar darvozasiga penaltilar belgilashdi.
Vakillarimiz ushbu uchrashuvlardan 5 tasida g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, Samarqandda durangga imzo chekishdi (2:2), “qaldirg‘ochlar” bilan Namanganda kechgan o‘yinda esa imkoniyatni boy berishdi (0:2).
Yana shuni ham aytish joizki, tajribali himoyachi Azimjon Ahmedovning penaltisi uchrashuv taqdiriga hech qanday ta’sir ko‘rsatmay, o‘sha bahsda “lochinlar” g‘uzorliklar ustidan 2:0 hisobida zafar quchishgan.