locale OZ

Nauriz Alimov: «Rahbariyat tomonidan Pro ligaga chiqmaslik haqida hech qanday cheklov qo'yilmagan»

Qoraqalpog‘iston FA klubi bosh murabbiyi Nauriz Alimov Liga studiyasida mehmon bo‘ldi.
Futbol
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Nauriz Alimov: «Rahbariyat tomonidan Pro ligaga chiqmaslik haqida hech qanday cheklov qo'yilmagan»
photo: PFL

Qoraqalpog‘iston FA jamoasi bosh murabbiyi Nauriz Alimov Liga matbuot xizmati uchun maxsus intervyu berdi.

— Sizni bosh murabbiylikka kim taklif qildi?

— Jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishim arafasida akademiya direktori Damir Iskenderov menga ishonch bildirdi. U kishi ushbu lavozimni menga ishonib topshirishini aytdi. Shunday ishonchni his qilganimdan so'ng, ikkilanmasdan bu mas'uliyatni zim-mamga oldim va ishni katta ishtiyoq bilan boshladik.

— Hozirda siz bilan klubda yana qanday malakali mutaxassislar ishlamoqda?

— Ayni paytda murabbiylar shtabida tajribali mutaxassislar Jenis Jumabayev va Sultan Shermanov bilan birgalikda faoliyat olib boryapmiz. Ular o'z maslahatlari va tajribalari bilan jamoaga katta yordam berishmoqda. Maqsadimiz – futbolchilarni har tomonlama rivojlantirib, yuqori saviyaga olib chiqish.

— Jamoa tuzilish jarayoni qanday kechdi?

— Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha futbol akademiyalariga Birinchi ligada jamoa tashkil etish imkoniyati yaratildi. Bu qaror nafaqat bizni, balki barcha akademiyalarni xursand qildi. Chunki bu yosh futbolchilar uchun katta futbolga o'tishda muhim bosqich va bebaho tajriba maktabi bo'lib xizmat qilmoqda. Menimcha, bu qaror o'zini to'liq oqlayapti.

— Qaysi futbolchilar boshqa klublardan olib kelindi?

— Biz boshqa klublardan futbolchilarni jalb qilmadik. Aksincha, asosiy vazifamiz iqtidorli yoshlarni tayyorlab, ularni yuqori bosqichga yetkazishdan iborat. Qoraqalpog'istonda Pro ligada ishtirok etayotgan Aral va Jayxun jamoalari mavjud. Bizning maqsadimiz yoshlarni aynan shu klublarga tayyorlab berish, kelajakda esa mahalliy futbolchilar sonini ko'paytirish va ularning Superliga hamda milliy terma jamoa darajasiga chiqishiga zamin yaratishdir.

— O'zbekiston kubogi saralash bosqichi haqida fikringiz?

— Toshkent shahrida bo'lib o'tgan saralash bahslari juda qiziqarli va murosasiz kechdi. Yosh futbolchilarimiz Superliga klublariga qarshi maydonga tushib, yuqori darajadagi futbol muhitini his qilishdi. Bu esa ularga katta motivatsiya berdi va o'z ustida yanada ko'proq ishlashga undaydi, deb hisoblayman.

— O'zbekiston kubogi musobaqasi haqida fikr bildirsangiz.

— Guruhimizdan Superliganing Navbahor va Xorazm hamda Pro liganing FarDU jamoalari o'rin oldi. Superliga vakillariga qarshi uchrashuvlarda asosiy maqsadimiz futbolchilarni qo'rqmasdan, o'z imkoniyatlarini namoyish etishga undash edi. FarDUga qarshi bahsni ham yaxshi boshlagandik. Biroq o'yin boshida qizil kartochka olganimiz uchrashuv taqdiriga jiddiy ta'sir ko'rsatdi va yirik hisobdagi mag'lubiyatga sabab bo'ldi. Agar qizil kartochka bo'lmaganida, raqibga ancha jiddiy qarshilik ko'rsatgan bo'lardik.

— Jamoangiz birinchi davrada mag'lub bo'lmadi. Bunga qanday erishdingiz?

— Buning asosiy sababi futbolchilarimizning o'z kuchiga bo'lgan ishonchi, deb o'ylayman. O'zbekiston kubogida kuchli jamoalarga qarshi o'ynab orttirgan tajribamiz ham katta foyda berdi. Futbolchilarni jismoniy, texnik va ruhiy jihatdan puxta tayyorlashga harakat qilyapmiz. Bundan tashqari, turnir jadvalida peshqadam bo'lib turgan jamoaga qarshi har bir raqib alohida ishtiyoq bilan maydonga tushishini ham hisobga olib, futbolchilarga har bir uchrashuvda oxirigacha kurashish kerakligini doim ta'kidlab kelamiz.

— Joriy mavsum uchun rahbariyat tomonidan qanday vazifa qo'yilgan?

— Asosiy vazifamiz – yosh futbolchilarni tarbiyalab, ularni Aral va Jayxun jamoalariga yetkazib berish hamda kelajakda ushbu klublarning asosiy tarkibini mahalliy futbolchilar tashkil etishiga erishishdir. Shu bilan birga, agar mavsum yakunida Birinchi liga chempioni bo'lib, Pro liga yo'llanmasini qo'lga kiritsak, bu akademiyamiz uchun katta yutuq bo'ladi. Rahbariyat tomonidan Pro ligaga chiqmaslik haqida hech qanday cheklov qo'yilmagan. Aksincha, bizni qo'llab-quvvatlab, imkon qadar yuqori natijaga erishishga undashmoqda. Biz ham shunga munosib harakat qilyapmiz va futbolchilarimizga ishonamiz.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting