\"Nasaf\" yana O‘zbekiston Kubogida guruh bosqichida kurashni to‘xtatishi mumkin
O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichida 2-tur uchrashuvlari davom etmoqda.
Kuni kecha “Nasaf” Olmaliqda OKMKga kutilmaganda mag‘lub bo‘ldi. Dastlab Dragan Cheranning ikki goli evaziga hisobda oldinga chiqib olgan Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari g‘alabani saqlab qola olmadi.
Ikkinchi bo‘limda Mirjalol Qosimov tarkibda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Natijada olmaliqliklar uch marta Abduvohid Ne‘matov qo‘riqlayotgan darvozaga yo‘l topib, g‘alabani olib ketishdi.
Uchinchi turda “Nasaf” Toshkentda “Paxtakor” bilan kuch sinashadi. OKMK esa uyda “Navoiy FA”ni qabul qiladi. Bu o‘yinda olmaliqliklar g‘alaba qozonishi deyarli aniq. “Nasaf” esa keyingi bosqichga chiqish uchun “Paxtakor"ni yengishi kerak. Aks holda o‘tgan yildagi kabi guruh bosqichidayoq kurashni to‘xtatishiga to‘g‘ri keladi.
