“Napoli” Skott Maktomineyga yangi shartnoma taklif qilmoqchi
Italiyaning “Napoli” klubi yarim himoyachi Skott Maktominey bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida. Klub rahbariyati yaqin vaqt ichida futbolchiga yangi shartnoma taklif qilishi kutilmoqda.
Football Italia xabariga ko‘ra, “Napoli” prezidenti Aurelio De Laurentis hamda klub sport direktori Jovanni Manna yaqin haftalarda shotlandiyalik futbolchi bilan uchrashib, yangi kelishuv shartlarini muhokama qiladi.
Maktomineyning “Napoli” bilan amaldagi shartnomasi 2028-yilgacha mo‘ljallangan. Shunga qaramay, neapolliklar futbolchining jamoa uchun muhim o‘yinchiga aylanganini inobatga olib, uni uzoq muddatga saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Shotlandiyalik yarim himoyachi “Napoli”ga 2024-yil yozida “Manchester Yunayted”dan ko‘chib o‘tgan edi. U Italiya klubiga tez moslashdi va o‘zining jismoniy kuchi, maydon markazidagi faolligi hamda hujumdagi samaradorligi bilan jamoa o‘yinida muhim rol o‘ynay boshladi.
2025/26-yilgi mavsumda Maktominey “Napoli” safida barcha turnirlar doirasida 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Avvalroq Maktominey Shotlandiya terma jamoasi bilan JCh-2026’dagi ishtirokini yakunlagan edi. Shotlandiya C guruhida uchinchi o‘rinni egallab, musobaqani tark etdi.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda futbolchining transfer qiymati 40 million yevroga baholanmoqda.