«Napoli» Maktomineyga yangi shartnoma taklif qilmoqchi — manba
«Napoli» klubi Shotlandiya terma jamoasi yarimhimoyachisi Skott Maktominey bilan amaldagi hamkorlikni uzaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sky Sports nashri Il Mattino gazetasiga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Neapol klubi shotlandiyalik futbolchiga 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan yangi shartnoma taklif qilmoqchi.
Ayni damda Maktominey jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘lishiga qaramay, uning maoshi klubdagi eng yuqori daromad oluvchi futbolchilarning kuchli beshligiga kirmaydi. Yangi bitim shartlariga ko‘ra, uning moliyaviy sharoitlari sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Maktominey 2024 yilning yozida «Manchester Yunayted»dan «Napoli» safiga o‘tgan edi. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 34 ta o‘yin o‘tkazib, 10 ta gol urgan va 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 45 million yevroga baholamoqda.