Myuller Messi va Ronalduning JCH-2026da qanday o‘ynashi haqida fikr bildirdi
“Vankuver Uaytkaps” sharafini himoya qilayotgan Tomas Myuller Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu va Argentina forvardi Lionel Messining 2026 yilgi Jahon chempionatida qanday ishtirok etishi mumkinligi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ronalduning yoshi 41 da, Messi esa iyun oyi oxirida 39 yoshga to‘ladi.
“Bu men uchun juda qiziqarli. Men bunga biroz shubha bilan qarayman va hammasi qanday tugashini qiziqish bilan kutyapman. Hozirgi Ronalduda, shubhasiz, hujumlarni yakunlash sifati hali ham bor, lekin himoyada siz 10,5 o‘yinchi bilan harakat qilasiz.
Men Messini MLS’da kuzatib boryapman. To‘p uning oyoqlarida bo‘lganida, uni tomosha qilish chinakam zavq. Unga qarshi hamon himoyalanish juda qiyin. Bu mahorat unda yo‘qolib qolmaydi. Biroq, yosh futbolchilar jismoniy jihatdan mutlaqo boshqa darajada”, — deya Myullerdan iqtibos keltiradi Sport1.