«MYU» yozda Shtillerni oʻz safiga qoʻshib olmoqchi
«Manchester Yunayted» klubi yozgi transfer oynasi oldidan tarkibni kuchaytirish maqsadida «Shtutgart» yarimhimoyachisi Angelo Shtillerni nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar tarqatdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, Germaniya klubi dastlab 25 yoshli futbolchini 50 million funt sterlingga (57,5 million yevro) baholagan edi, biroq kelishuv biroz arzonroq summaga amalga oshishi ham mumkinligi aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, Shtiller 2026 yilgi Jahon chempionatida Germaniya terma jamoasi tarkibidan joy olish maqsadida 2025 yilda boshqa klubga o‘tishdan bosh tortgan edi. Agar u ushbu maqsadiga erishsa, «Shtutgart»ni tark etishi mumkin.
Joriy mavsumda Shtiller barcha musobaqalarda 44 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 10 ta samarali uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, yarim himoyachining bozor qiymati 45 million yevroni tashkil etadi.