«MYU» va «Real» Bundesliganing «yangi Rodri»siga qiziqish bildirmoqda
«Manchester Yunayted» skautlari «Shtutgart» klubining 20 yoshli yarimhimoyachisi Chema Andresning o‘yinidan ijobiy taassurot olishdi. Biroq, «qizil iblislar»ning ushbu transferni amalga oshirishiga Madridning «Real» klubi to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, «qirollik klubi» o‘z akademiyasi bitiruvchisini qayta sotib olish huquqini 11,4 million yevro miqdorida belgilab qo‘ygan. Madridliklar kelayotgan yozda ushbu banddan foydalangan holda futbolchini ortga qaytarish variantini ko‘rib chiqmoqdalar.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yarimhimoyachi o‘zining o‘yin uslubi va sifatlari bilan «Manchester Siti» a’zosi Rodri hamda «Barselona» sobiq futbolchisi Serxio Busketsni eslatib yuboradi.
Joriy mavsumda Andres barcha turnirlarda 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 2 ta samarali uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning ayni damdagi bozor qiymati 15 million yevroni tashkil etadi.