«MYU» skautlari Kaluluning oʻyinini kuzatish uchun «Milan» — «Yuventus» oʻyiniga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda
Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi skautlari A Seriya 34-turi doirasidagi «Milan» va «Yuventus» o‘rtasidagi uchrashuvga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Ularning maqsadi turinliklar markaziy himoyachisi Per Kaluluni kuzatishdan iborat. Bu haqda TuttoMercatoWeb nashri xabar bermoqda.
Jamoalar yakshanba, 26 aprel kuni Milandagi «San-Siro (Juzeppe Meatsa)» stadionida to‘qnash kelishadi.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, «Yuventus» fransiyalik futbolchi bilan shartnomani uzaytirish va uning maoshini oshirishni rejalashtirmoqda, biroq «Manchester Yunayted» bu jarayonga aralashib, kelishuvni yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Xabar qilinishicha, potensial transfer summasi «Yuventus» himoyachi uchun «Milan»ga to‘lagan mablag‘dan sezilarli darajada farq qiladi. O‘tgan yilning yozida turinliklar Kaluluni 14 million yevro evaziga sotib olishgan edi.