«MYU» Rashforddan maoshini kamaytirishni talab qilishi mumkin
«Manchester United» hujumchisi Markus Rashford jamoadan qaytishi uchun maoshini kamaytirishga rozi bo‘lishi talab qilinishi mumkin. Bu haqda Goal nashri Manchester Evening News manbasiga tayanib xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «qizil iblislar» klubda yanada muvozanatli maosh tizimini joriy etish ustida ishlamoqda. Shu sababli 28 yoshli Rashforddan haftasiga taxminan 380 ming yevro maosh nazarda tutilgan amaldagi shartnomani qayta ko‘rib chiqish va yangi, kamroq maoshli kelishuv imzolash so‘ralishi mumkin.
Qayd etilishicha, «Manchester United» rahbariyati Rashfordning hozirgi yuqori maoshi jamoa ichida norozilik keltirib chiqarishidan xavotirda. Chunki bu boshqa futbolchilarning ham maoshini Markus darajasigacha oshirishni talab qilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Markus Rashford «Manchester United» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha amal qiladi. O‘tgan mavsumni esa u ijarada «Barselona» safida o‘tkazdi.