«MYU» «Monako»ning ikki nafar futbolchisiga qiziqish bildirmoqda
«Manchester Yunayted» va «Nyukasl» vakillari Liga 1 ning 27-turi doirasidagi «Lion» — «Monako» (1:2) uchrashuviga tashrif buyurishdi. Mazkur bahsda har ikki klub skautlari monakoliklar yarimhimoyachisi, 22 yoshli Lamin Kamara hamda 24 yoshli vinger Magnes Akliushning harakatlarini diqqat bilan kuzatib borishdi. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, «Manchester Yunayted» va «Nyukasl» birinchi navbatda aynan Kamara uchun jiddiy raqobatga kirishishi kutilmoqda. Biroq senegallik futbolchining rivojlanishini Angliya chempionatining yana bir qator jamoalari ham diqqat bilan kuzatib borayotgani ta’kidlanmoqda.
Joriy mavsumda Lamin Kamara barcha turnirlar doirasida 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Akliush esa 36 ta bahsda ishtirok etib, 7 ta gol va 8 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.