«MYU» klub tarixidagi 44 yillik antirekordni takrorladi
«Manchester Yunayted» Angliya Kubogining uchinchi raundida «Brayton»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, turnir bilan xayrlashdi. Shu tariqa «qizil iblislar» klub tarixidagi 44 yillik antirekordni takrorladi.
Opta Sport xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» bir mavsumda ham Angliya Kubogi, ham Angliya Liga Kubogida ilk bosqichdayoq tark etgan holat 1981/1982 yilgi mavsumda kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «qizil iblislar» 2025/2026 yilgi Angliya Liga Kubogidan ham chiqib ketgandi. Jamoa quyi liga vakili «Grimsbi Taun»ga qarshi bahsda asosiy va qo‘shimcha vaqtni 2:2 hisobida yakunlagan, biroq penaltilar seriyasida 11:12 natija bilan mag‘lub bo‘lgan edi. Mazkur uchrashuv turnirning ikkinchi raundi bo‘lib, ayni paytda «Manchester Yunayted» uchun musobaqadagi ilk o‘yin hisoblangan.