«MYU» Balebani transfer qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda
«Manchester Yunayted» yanvar oyidagi transfer oynasida «Brayton» markaziy yarimhimoyachisi Karlos Balebani transfer qilish imkoniyatini muhokama qildi. Bu haqda Sky Sports xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, «MYU» bitim shartlarini o‘rganib chiqqan, biroq yaqin vaqt ichida jiddiy siljish bo‘lishi kutilmayapti. «Brayton» Balebani kamida yozgacha jamoada saqlab qolishni istamoqda.
«Manchester Yunayted»ning 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy rejasi — markaziy yarimhimoyani bir yoki ikki nafar muhim futbolchi bilan kuchaytirish. Klub yozgi transferlarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, biroq yanvar oyida noyob imkoniyatlar paydo bo‘lsa, ularni ham inkor etmaydi.
Balebadan tashqari, «MYU»ning asosiy transfer nishonlari qatoriga Elliot Anderson («Nottingem Forest»), Adam Uorton («Kristal Pelas») va Rodrigu Martins Gomesh («Vulverhempton») ham kiradi.