«MYU», «Arsenal» va «Bavariya» Bazumana Turega qiziqish bildirmoqda
Angliyaning «Manchester Yunayted», «Arsenal» hamda Germaniyaning «Bavariya» klublari Kot-d'Ivuar terma jamoasi va «Hoffenhaym» vingeri Bazumana Turega jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda jurnalist Ekrem Konur ma’lum qildi.
Manbaning ta’kidlashicha, Germaniya klubi 20 yoshli futbolchining transferi bo‘yicha muzokaralarni 50-55 million yevrodan boshlashni rejalashtirgan. Biroq, muzokaralar jarayonida «Hoffenhaym» Ture uchun so‘ralayotgan narxni 70-80 million yevrogacha ko‘tarishi ham mumkin.
Qayd etish joizki, klub o‘tgan qishki transferlar oynasida hujumchi borasida kelib tushgan barcha takliflarni rad etgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Bazumana Ture joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 2 ta gol va 10 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi. Kot-d'Ivuar terma jamoasi safida esa 4 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasini 2 bor ishg‘ol qilgan. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.