Mussa Diabi “Bayer”ga qaytishga yaqin
Fransiyalik vinger Mussa Diabi faoliyatini yana Leverkuzenning “Bayer” klubida davom ettirishi mumkin. Germaniya klubi “Al-Ittihod” bilan 27 yoshli futbolchining transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan. Transfer summasi qariyb 30 million yevroni tashkil etishi kutilmoqda.
Diabining “Bayer” bilan 2031-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgani xabar qilinmoqda. Endilikda futbolchi Germaniyada tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va shartnomani imzolashi kerak. Klub sport direktori Simon Rolfes ham muzokaralar yakuniy bosqichga kirganini tasdiqlagan.
Fransiyalik futbolchi 2024-yildan buyon “Al-Ittihod” safida to‘p tepmoqda. U Saudiya klubi tarkibida barcha musobaqalarda 73 ta uchrashuv o‘tkazib, 11 ta gol urgan va 33 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Ma’lumot uchun, Diabi 2019–2023-yillarda ham “Bayer” sharafini himoya qilgan. U Leverkuzen klubi safida 172 ta o‘yinda 49 ta gol va 47 ta assist qayd etgan, 2023-yilda esa “Aston Villa”ga ko‘chib o‘tgan.