Musialaning “Galatasaroy”ga o‘tishi haqida yolg‘on xabar tarqatgan jurnalist Turkiyada qo‘lga olindi
Turkiyada “Bavariya” yarim himoyachisi Jamal Musialaning “Galatasaroy”ga transferi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan jurnalist Burhan Jan Terzi qo‘lga olindi. Avvalroq jurnalist germaniyalik futbolchi Istanbul klubiga o‘tishini ma’lum qilgan edi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay “Galatasaroy” bu xabarni rasman rad etdi.
Shunga qaramay, Terzi o‘z ma’lumotlari ishonchli ekanini ta’kidlashda davom etgan. HalkTV ma’lumotiga ko‘ra, “Galatasaroy”ning raddiyasidan keyin ayrim muxlislar jurnalist ustidan shikoyat qilib, uni jamoatchilikni chalg‘ituvchi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishda ayblagan.
Shundan so‘ng Turkiya prokuraturasi jurnalist faoliyati yuzasidan tergov boshlagan. 10-avgust kuni Burhan Jan Terzi “jamoatchilikni chalg‘ituvchi ma’lumotlarni ommaviy ravishda tarqatish” ayblovi bilan qo‘lga olingan va ko‘rsatma berish uchun politsiya bo‘limiga olib ketilgan.
Hozircha jurnalistga nisbatan qanday yakuniy huquqiy chora ko‘rilishi ma’lum emas. Musialaning “Galatasaroy”ga o‘tishi haqidagi xabar esa Istanbul klubi tomonidan rad etilgan va futbolchining transferi bo‘yicha rasmiy kelishuv mavjudligi tasdiqlanmagan.