Munozara. \"Chelsi\" muhlisiga \"MYu\"chilardan javob
Do'stimiz "Manchester Yunayted" haqida qiziqarli va o'rinli fikrlarni bildirib o'tdi. Uning gaplarida jon bor, lekin..
Avvalo, "Yunayted"chilar "Chelsi"ning Joze Mourinyo davridagi jamoasini xurmat qiladi. O'shanda klub haqiqatda kuchli futbolchilarni jamlay olgan va buni yevropada ham ko'rsata olgan edi. "Chelsi"ning "qutirib ketishi" va "Yunayted"ga zo'r raqobatchi bo'lishi futbol dunyosi uchun katta foyda bo'lgani tabiiy. Bejizga fikrimni Mourinyo davridan boshlamadim, huddi Fergi payti bo'lganidek, "Chelsi" ham fantastik davrlarni boshidan o'tkazgan. Buni tan olamiz.

Hech narsa abadiy emas. Har bir klubda o'sish va pasayish davri bo'ladi. Agar futbol bir joyda qotib qolsa, ya'ni faqat bir xil klublar chempion bo'laversa unda bu jozibador o'yin rivojlanishdan va o'ziga hos raqobatdan to'xtab qolganini bildirdi. Yaxshiyamki, unday emas. Har yili zo'rdan zo'r chiqaveradi. Masalan "Liverpul" Angliya chempionligini necha yillar davomida kutganini va nihoyat bunga erishganini bilasiz. "Arsenal" ham shunday holatda, "to'pchilar" uzoq yillardan beri chempion bo'la olishmayapti, lekin tinimsiz harakatda ekanligini ko'rib, sezib turibmiz. Londonliklar kuni kecha "Real"ni, 15 karra chempionlar ligasi g'olibini musobaqadan chiqarib yuborgani ham bunga yaqqol misol bo'la oladi. “Nyukasl” ham nihoyat uzoq kutilgan kubokni qo'lga kiritdi. O'zimizdan esa "Neftchi" va "Navbahor" kabi klublarni uzoq yillardan beri chempion bo'la olmayapganini, yoki "Andijon" tarixda ilk bor poytaxtda "Paxtakor"ni mag'lub qilganini misol qilib keltirish mumkin.

"Mnachester Yunayted" ham 2013 yildan beri har xil yaxshi-yomon kunlarni boshidan o'tkazib kelmoqda. To'g'ri o'sha shonli paytlarda "qizil iblislar" sha'nini har bir lahzada himoya qila oladigan g'ururi baland, kerak bo'lsa mushtlashishga ham tayyor turadigan qahramon futbolchilari bor edi. Jamoa shunchalik ahl va "vahshiy" ediki, bu holatni xatto siz aytgan "gallaktikos"dan ham topib bo'lmas edi.

Lekin, Krishtiyanu Ronaldo aytganidek: "zamon o'zgardi", afsuski shunday. Klubning strukturasi ham bazasi ham hamma hammasi eskirdi.
Avvallari "Yunayted"ning ipidan ignasigacha Fergyusonning o'zi nazorat qilar edi. Fergyuson yaratgan tizim zo'rligini hammamiz tan olamiz, lekin u ketganidan keyin hammasi parcha-parcha bo'lib ketdi. Klubda menejment umuman nol holatiga tushib qoldi, o'z an-analaridan vos kechdi. Yangi yosh iqtidorlarni qidirib topib, ularni yulduz qilish bilan emas, balki, yulduz yoki so'nayotgan futbolchilar bilan shartnoma imzolab, milliyardlab pullarni havoga sovurishdan boshqasini bilmasdan qoldi. Tinimsiz murabbiy almashtirishlar-u, ohirgi paytlardagi pul tejash uchun qilinayotgan "jinniliklar" bularning barchasi klubni tanazzulga uchrashuga sabab bo'ldi. Natijani esa jadvallardan ko'rishingiz mumkin.

Endi kechagi o'yinga qaytsak. Albatta kecha "Yunayted" muhlislari o'sha Fergi davrini esga olib, ko'zlariga yosh kelgan bo'lsa ajabmas. Tan olish kerak, "Manchester" hozir oldingidek top jamoa emas, shunchaki o'rtamiyona klubga aylanib qolgan. Bilasizmi, to'zg'ib yotgan bunday davrda kechagi g'alaba ham shirin tatidi, ishoning. Qolaversa bu juda muhum g'alaba edi, nega deysizmi? Hozir izohlayman. APL jadvalida 14 o'rinni egallab turgan va chempionshipni hidi kelib yotgan bir vaqtda, UEFA chempionlar ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritish va yevropa ligasi sovrinini boshi uzra baland ko'tarish imkoniyatini saqlab qolish uchun kambek amalga oshirgan bo'lsa, bundan nega zavqlanmaslik kerak? Xattoki, raqib "Sho'rtan" bo'lganida ham huddi shunday bo'lar edi. Xulosa shuki, "MYU" bir kun kelib yana oldingi darajasiga qaytadi, buning uchun esa to'g'ri menejment va vaqt kerak bo'ladi. Ungacha esa sabr qilib turamiz.

Aytganchi, "Chelsi" hech bo'lmasa yevropa ligasida ham ko'rinmayapti-ya, a labbay?