Mourinyu «Real» prezidentiga transferlar ro‘yxatini topshirdi
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyligiga tayinlanishga yaqin turgan portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyu klub prezidenti Florentino Peres uchun jamoada ko‘rishni istayotgan futbolchilari ro‘yxatini tayyorladi. Shunday o‘yinchilardan biri «Vest Hem» yarimhimoyachisi Mateush Fernandesh hisoblanadi. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaning keltirishicha, London klubi 21 yoshli futbolchini 80 million funt sterlingga (92 million yevro) baholamoqda. Shu bilan birga, portugaliyalik yarimhimoyachiga «Arsenal» va «Liverpul» klublari ham da’vogarlik qilmoqda.
Ortda qolgan mavsumda Fernandesh barcha musobaqalarda jami 42 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol va 5 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2030 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, yarim himoyachining bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.