Mourinyu 13 yil ichida qanday o‘zgarganini aytdi
“Real Madrid” bosh murabbiyi Joze Mourinyu 2013-yilda klubni tark etganidan buyon o‘zida qanday o‘zgarishlar bo‘lganini aytib berdi. Portugaliyalik mutaxassis 13 yil avvalgi Mourinyu bilan hozirgi holatini taqqoslab, ham inson, ham murabbiy sifatida ancha o‘zgarganini ta’kidladi.
Mourinyuning so‘zlariga ko‘ra, uning xarakteri va futbolga bo‘lgan yondashuvining asosi o‘zgarmagan. Biroq mutaxassis yillar davomida ancha tajribali va vazmin bo‘lib qolganini, avvalgiga qaraganda hissiyotlarini yaxshiroq nazorat qilishni o‘rganganini qayd etdi.
“Men ko‘p jihatdan o‘zgardim — ham inson, ham murabbiy sifatida. Menda o‘sha DNK saqlanib qolgan, lekin endi ancha yetukman, kamroq hissiyotga berilaman va o‘zimni yaxshiroq nazorat qilaman”, — dedi Mourinyu El Chiringuito’ga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Mourinyu “Real”da 2010–2013-yillar oralig‘ida faoliyat yuritgan va joriy yozda Madrid klubiga qaytgan. Uning “Real” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilning o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan.