Morgan Rogers “Chelsi”dagi yangi o‘yin uslubiga moslashishi kerakligini aytdi
Angliyalik futbolchining aytishicha, “Aston Villa”dagi futbol va “Chelsi”ning maydondagi yondashuvi bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi.
Foto: Getty Images
“Chelsi” yarim himoyachisi Morgan Rogers yangi jamoasining o‘yin uslubiga moslashish jarayoni haqida fikr bildirdi. Angliyalik futbolchining aytishicha, “Aston Villa”dagi futbol va “Chelsi”ning maydondagi yondashuvi bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi.
Rogers “Aston Villa”da Unai Emeri futbolchilarning kuchli tomonlaridan unumli foydalanishga katta e’tibor qaratganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birmingemliklar qarshi hujumlar, bo‘sh hududlardan foydalanish va vertikal futbolga ko‘proq tayanardi. “Chelsi”da esa texnik jihatdan kuchli futbolchilar ko‘p va jamoa to‘p nazoratiga ko‘proq urg‘u beradi.
24 yoshli futbolchi yangi jamoasida sabr bilan harakat qilish, to‘pni qabul qilish uchun kerakli vaziyatni kutish va bo‘sh hudud kam bo‘lgan uchrashuvlarda o‘z kuchli tomonlarini boshqacha namoyish etishni o‘rganishi kerakligini qayd etdi. Rogers buni futbolchi sifatida rivojlanishning muhim qismi deb hisoblashini va turli raqiblarga qarshi samarali o‘ynay oladigan universal futbolchiga aylanishni istashini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Morgan Rogers 2026-yil yozida “Aston Villa”dan “Chelsi”ga 117 million funt evaziga ko‘chib o‘tdi va britaniyalik futbolchilar orasidagi transfer rekordini yangiladi. U London klubi bilan 2033-yilgacha shartnoma imzolagan. Rogers “Chelsi” safidagi debyut uchrashuvida “Real Sosyedad” darvozasini ishg‘ol qilishga ham muvaffaq bo‘ldi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist