“Monako” Pol Pogba bilan shartnomani bekor qildi
“Monako” klubi Fransiya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Pol Pogba bilan xayrlashganini rasman e’lon qildi. Tomonlar o‘rtasidagi shartnoma o‘zaro kelishuv asosida bekor qilindi. Pogbaning amaldagi kelishuvi 2027-yil 30-iyunga qadar mo‘ljallangan edi.
Klub bayonotida 2018-yilgi jahon chempioniga “Monako”ga bildirgan ishonchi va jamoada bo‘lgan vaqtida ko‘rsatgan professionalligi uchun minnatdorlik bildirildi. Pogba ham o‘z navbatida klubga imkoniyat va ishonch uchun tashakkur aytib, jamoaga kelgusida muvaffaqiyat tiladi.
33 yoshli futbolchi “Monako” safida muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmadi. U klubdagi bir yil davomida bor-yo‘g‘i oltita uchrashuvda maydonga tushdi.
Ma’lumot uchun, Pogba 2024-yil fevralida antidoping qoidalarini buzganlik uchun dastlab to‘rt yilga diskvalifikatsiya qilingan edi. Keyinchalik bu muddat 18 oyga qisqartirildi.