«Monako» Ansu Fati bilan shartnoma shartlarini kelishib oldi
«Monako» klubi «Barselona»dan ijaraga olingan vinger Ansu Fatining transfer huquqini toʻliq sotib olishga juda yaqin turibdi. Bu haqda Nice-Matin nashri xabar bermoqda.
Avvalroq futbolchini sotib olish bahosi 11 million yevro etib belgilangani, biroq uning maoshi transferga asosiy toʻsiq boʻlayotgani aytilgan edi. Fati yakunlangan mavsumda oyiga 500 ming yevro maosh olgan boʻlib, uning 50 foizini Kataloniya klubi toʻlab kelgan. Monakoliklar esa bunday maoshni mustaqil ravishda toʻlashga tayyor emasdilar. Yangi maʼlumotlarga koʻra, tomonlar nihoyat hamkorlik shartlari boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishgan.
Eslatib oʻtamiz, Ansu Fati oʻtgan yozda bir yillik ijara asosida «Monako» safiga kelib qoʻshilgan edi. Ortda qolgan mavsumda u jamoa safida 30 ta oʻyinda maydonga tushib, 12 ta gol urishga muvaffaq boʻldi.