Modrich jamoa oldida qoʻshiq kuylamaslik uchun «Milan»ning barcha futbolchilariga iPhone sovgʻa qildi
«Milan» hujumchisi Santyago Ximenes ijtimoiy tarmoqlarda jamoadoshi Luka Modrich haqida qiziqarli hikoya bilan bo‘lishdi. Uning soʻzlariga koʻra, xorvatiyalik yarimhimoyachi jamoaga kelganidan soʻng kiyinish xonasida qo‘shiq aytish an'anasidan noodatiy tarzda qochgan.
Maʼlumki, futbolda har bir yangi kelgan futbolchi jamoaga qo‘shilganidan keyin barchaning oldida qoʻshiq aytib berish anʼanasi mavjud. Ammo Modrich buni boshqacha hal qilgan.
«Biz kiyinish xonasiga kirdik va har bir oʻyinchining oʻrnida yangi iPhone turganini koʻrdik. Modrich ularni sovgʻa qilgan ekan. Har birimizga bittadan telefon sotib olib berdi. Qoʻshiq aytish o‘rniga shunday sovgʻa ulashdi», — dedi Ximenes.
Eslatib oʻtamiz, Luka Modrich oʻtgan yozda «Milan» safiga qoʻshilgan edi. Uning «rossonerilar» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozida yakuniga yetadi.