MLS komissioneri: «Agar Saloh MLSga oʻtishni istasa, biz uni mamnuniyat bilan qabul qilamiz»
MLS komissioneri Don Garber «Liverpul» yulduzi Muhammad Salohning liga klublariga kelib qo‘shilish ehtimoli borligi haqida fikr bildirdi. U misrlik vingerning MLSda o‘ynashini mamnuniyat bilan kutib olishlarini aytdi.
«Agar Saloh qachondir MLSga o‘tishni istasa, biz uni mamnuniyat bilan qabul qilamiz.
Men unga Leo Messi va Tomas Myuller bilan gaplashishni maslahat berardim — ular MLSda o‘zlarini qay darajada baxtli va muvaffaqiyatli his qilishayotgani, bu ligada to‘p surish qanday kechayotgani haqida aytib berishadi.
Men Saloh bo‘yicha ba’zi mish-mishlarni eshitdim. Biz shartnomalarning daxlsizligini juda qadrlaymiz — bu Amerika biznes-madaniyatining bir qismidir. Muhammadning «Liverpul» bilan amaldagi shartnomasi bor, biz u yerda ishlaydigan odamlarni yaxshi taniymiz. Bu — ajoyib jamoa», — deya Garberning so‘zlarini keltiradi Goal.
So‘nggi haftalarda 33 yoshli Saloh bir nechta uchrashuvni zaxirada boshladi. «Lids» bilan 3:3 hisobidagi durangdan so‘ng u klub va bosh murabbiy Arne Slotni keskin tanqid qilgandi. Shundan keyin u UEFA Chempionlar Ligasidagi «Inter»ga qarshi o‘yin uchun (1:0) qaydnomaga kiritilmadi.
Avvalroq misrlik futbolchi MLSning «San-Diego» yoki «Chikago Fayer» klublariga o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.