MLS. «Inter Mayami» safarda «Nyu-York Siti»ni qiyinchilik bilan magʻlub etdi
Shimoliy Amerika oliy ligasi (MLS) 5-turi doirasida «Nyu-York Siti» hamda «Inter Mayami» jamoalari o‘rtasidagi bahs yakunlandi. Nyu-Yorkdagi «Yanki» stadionida kechgan murosasiz uchrashuvda mehmonlar 3:2 hisobidagi qiyin g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
O‘yinning 4-daqiqasidayoq mehmonlar himoyachisi Gonsalo Luxan hisobni ochdi. Biroq 17-daqiqada mezbonlar yarimhimoyachisi Nikolas Fernandes muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limning 59-daqiqasida Agustin Oxeda «Nyu-York Siti»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan atigi ikki daqiqa o‘tib, «Inter Mayami» sardori Lionel Messi muvozanatni tikladi. 74-daqiqada esa Mikael dos Santos Silva mehmonlarning g‘alaba golini kiritib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.
MLSning beshta turidan so‘ng «Inter Mayami» 10 ochko bilan Sharqiy konferensiyada uchinchi o‘rinda bormoqda. «Nyu-York Siti» ham o‘z hisobida 10 ochkoga ega bo‘lib, jadvalning ikkinchi pog‘onasini egallab turibdi.