Mirzahaqim To‘xtamirzayev: \"O‘zbekiston JChga chiqsa Srechko Katanez ham rag‘batlantirilsa adolatdan bo‘lardi\"


O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi eng muhim o‘yinda bugun BAA mehmoni bo‘ladi. G‘alaba va hattoki durang ham terma jamoamizni Jahon chempionatiga olib chiqadi. Sports24.uz sayti mazkur bahs oldidan tajribali sport sharhlovchisi Mirzahaqim To‘xtamirzayev bilan suhbatlashdi.
- Bugungi BAAga qarshi o‘yindan nimalar kutyapsiz?
- Barcha kabi O‘zbekiston Jahon chempionati final bosqichiga chiqishini kutyapman. Terma jamoamiz ishonchli o‘yin namoyish etishlariga umid bor va yigitlarimizga omad yor bo‘lishini tilayman.
- Terma jamoamiz tarixidagi eng muhim va esda qolarli o‘yinlar qaysilar?
- O‘zbekiston terma jamoasining ko‘plab o‘yinlarini ko‘rganim uchun bunday bahslar menimcha ko‘proq bo‘lgan. 1994 yil Xirosimadagi g‘alabalar, nafaqat final, balki Koreyaga qarshi yarim final, musobaqadagi birinchi o‘yinimiz Saudiya Arabistoniga qarshi o‘tgan va yirik hisobda yutganimiz.
1999 yil Osiyo kubogi saralash uchrashuvlari doirasida oxirgi turda BAA mehmoni bo‘lganimiz, Mirjalol Qosimovning ajoyib uzatmasidan keyin Maksim Shatskix gol urgani va O‘zbekiston Osiyo kubogiga chiqqani.
2007 yil Osiyo kubogi guruh bosqichida Xitoyni 3:0 hisobida mag‘lub etganimiz. 2011 yil Osiyo kubogi ochilish o‘yini, Odil Ahmedovning super goli va 2:0 hisobidagi g‘alaba.
2012 yil "Ozodi" stadionidagi yagona va tarixiy g‘alabamiz. Eslesak yaxshi o‘yinlar ko‘p bo‘lgan, lekin hozirgacha Jahon chempionati final bosqichiga chiqa olmaganmiz. Xudo xohlasa, bugun bayram bo‘lsin!
- Jahon chempionatiga chiqsak sobiq murabbiy Srechko Katanezga qandaydir ehtirom ko‘rsatish kerakmi?
- Srechko Katanez o‘z vazifasini bajardi. Ba’zi joylarda balki sog‘ligi tufayli bajara olmagandir ham. Birinchi navbatda sog‘ bo‘lsin, umri uzoq bo‘lsin! Terma jamoa Jahon chempionatiga chiqsa barcha rag‘batlantiriladi va ular qatori Katanez ham rag‘batlantirilsa menimcha adolatdan bo‘ladi.
- Bugun BAA terma jamoasining eng xavfli jihati qaysi?
- Yo‘qotadigan hech narsasi qolmagani! Chunki ularga bugun faqat va faqat g‘alaba kerak. Durang ham ularni qanoatlantirmaydi. Shuning uchun BAA gol urishi va o‘zi o‘tkazib yubormasligi shart. Mana shu tushuncha eng xavfli jihati. Murabbiyning almashgani foydaga ishlaydi, chunki Olariu arab futbolchilarini yaxshi biladi. Mahalliylashtirilganlari o‘zlariga bildirilgan ishonch bejizmasligini isbotlashga harakat qilishadi. Lekin bularning barchasi bir chetga surilib qolishi kerak. Sababi biznikilar o‘z saviyasida o‘ynay olsa, ruhan o‘zini yo‘qotib qo‘ymasa, bosimga dosh bera olsa bugun bizning ko‘chamizda bayram bo‘ladi. Shuni hammaga tilayman, omad siz va bizni aslo tark etmasin!

Maqolalar
Kecha da 10:33

Futbol
10 iyl 2025

Futbol
10 iyl 2025