Mirzahakim To'xtamirzayev: “BAA mundial yo'llanmasidan umidini uzdi”
Xabaringiz bor, BAA terma jamoasi bosh murabbiyi Paulo Bentu lavozimidan ozod etildi.
Taniqli futbol sharhlovchisi Mirzahakim To'xtamirzayev ushbu holatga to'xtalar ekan, buni amirliklar jamoasi rahbariyati Jahon chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmadan umid uzganliklari bilan izohladi.
“Menimcha, BAA terma jamoasi mundialga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma olishdan umidini uzdi. Sababi ular pley-off bosqichiga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Amirliklar rahbariyati ushbu mutaxassis bilan Jahon chempionatiga chiqa olmasliklarini sezdi hamda unga chiqish eshiklarini ko'rsatib qo'ydi.
Oldinda ikkita muhim bahs bor - O'zbekiston va Qirg'iz Respublikasi. Har ikki uchrashuv ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Qatarni mag'lub etgan qo'shnilarimiz ham pley-off yo'llanmasi uchun kurash olib bormoqda.
Agar BAA qolgan ikki bahsda kerakli natijani qo'lga kirita olmasa, qolgan 2,5 ta yo'llanma uchun kurash olib borishni maqsad qilgan”, - deydi Mirzahakim To'xtamirzayev.
Ma'lumot uchun, JCh-2026 uchun Osiyo qit'asiga 8,5 ta o'rin ajratilgan. 3 ta guruhdagi 1 va 2-o'rinni egallagan jamoalar to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma olsa, 3 va 4-o'rindagi jamoalar pley-off orqali qolgan 2,5 ta yo'llanma uchun kurash olib boradi.