Mirjalol Qosimov: «Hammaga imkon berish uchun rotatsiyaga qo‘l uryapmiz»
Superliga 24-turidan o‘rin olgan "Mash’al" – OKMK uchrashuvidan so‘ng OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqidagi fikringiz?
- Uchrashuvga keladigan bo‘lsak, hozir oson o‘yinning o‘zi yo‘q. FIFA kunlaridan keyin qisqa muddat ichida yana tez-tez o‘yinlar bo‘lmoqda. "Navbahor" bilan ko‘p kuch yo‘qotgandik, shu bois bugun rotatsiyaga qo‘l urdik, to‘rt kundan keyin yana o‘yinimiz bor, balki yana rotatsiya qilarmiz. "Mash’al" ham bor kuchini ko‘rsatishga harakat qildi. Yuzaga kelgan vaziyatdan gol urib, uch ochkoga ega bo‘ldik.
- Zaxiradan tushganlar haqida?
- Zaxiradan tushganlar bugun asosiy tarkibda ham o‘ynashi mumkin edi. Lekin aytib o‘tganimdek, rotatsiyaga qo‘l urdik.
- Bugungi bahsda qiyinchilik bilan 1:0 hisobida g‘alabaga erishildi. Bugungi g‘alaba keyingi uchrashuvlar uchun foydali bo‘ladimi?
- Har bir bahsga jiddiy hozirlik ko‘ramiz. Bitta tarkib bilan butun mavsumni o‘tkazish qiyin. Qo‘ldan kelgancha hammaga imkon berishga harakat qilib kelyapmiz.
- Raqib jamoada so‘nggi turlarda asosan yoshlar harakat qilmoqda. Mutaxassis sifatida fikringiz qanday: "Mash’al" jamoasi hozir to‘g‘ri yo‘ldami?
- To‘g‘risi, ichkaridagi vaziyatni bilmasdan turib tashqaridan baho berishni yomon ko‘raman. Bu borada aytadigan fikrim xato bo‘lib qolishi mumkin. Faqat shuni aytishim mumkin, bugun yoshlarga imkon berilishi kelasi yilga aniq vazifa borligini ko‘rsatadi. Menimcha, "Mash’al" bu yil taqdirga tan berib, kelasi yil hozirligini ko‘ryapti. Bu borada boshqa hech narsa deya olmayman.