Mirabror Usmonov Kubogi: Yaponiya chempionlikni qoʻlga kiritdi, sovrinlar bitta emas
Toshkentda oʻtkazilgan Mirabror Usmonov Kubogi-2025 musobaqasi Yaponiya U-23 terma jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi. Final uchrashuvida ular Oʻzbekiston yoshlar termasini 2:0 hisobida magʻlub etdi.
Bahsdan soʻng taqdirlash marosimi tashkil etildi. Unda dastlab bellashuvni boshqargan hakamlar – Asker Najafaliev, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov va Dias Galeev maxsus mukofotlarga sazovor boʻlishdi.
Shundan keyin musobaqada eng yaxshi natija qayd etgan futbolchilar alohida nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi:
• Eng yaxshi toʻpurari – Alen Inoue (Yaponiya)
• Eng yaxshi darvozabon – Masataka Kobayashi (Yaponiya)
• Eng yaxshi futbolchi – Uche Nwadike (Yaponiya)
• Eng yaxshi yosh futbolchilar – Oybek Urmonjonov (Oʻzbekiston) va Shion Shinkawa (Yaponiya)
Musobaqa davomida bir qator iqtidorli futbolchilar oʻzlarini namoyon etishdi. Oʻzbekiston termasi gʻalabani qoʻlga kirita olmagan boʻlsa-da, mahalliy yosh futbolchi Oybek Urmonjonovning mukofotga loyiq koʻrilgani mamlakatimiz futboli uchun ijobiy ishora boʻldi.