Milliy futbol markazidagi qurilish jarayonlari o‘rganilib, keyingi vazifalar belgilandi
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilayotgan Milliy futbol markazi futbolimiz rivojida alohida o‘rin tutadigan muhim infratuzilma loyihasi hisoblanadi. Hozirda ushbu hududda qurilish ishlari bosqichma-bosqich va jadal tarzda davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh markazdagi qurilish holatini o‘rganish, amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishish hamda keyingi vazifalarni belgilash maqsadida mazkur hududda bo‘ldi.
O‘rganish davomida markazning turli tarkibiy qismlarini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish zarurligiga urg‘u berildi. Jumladan, maydonlarni doimiy nazorat ostida saqlab, terma jamoalarga yuqori sifatda taqdim etib borish, sportchilarning sog‘ligini tiklash va tibbiy profilaktikani samarali yo‘lga qo‘yish uchun markazni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan to‘liq jihozlash, zamonaviy restoran faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va mehmonxona binosida sportchilar uchun ixcham, qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha mas’ullarga kerakli topshiriqlar berildi. Qurilish ishlari belgilangan muddatlarda, sifat talablariga to‘liq rioya qilingan holda yakunlanishi zarurligi yana bir bor ta’kidlandi.
Shuningdek, VAR tizimi uchun mo‘ljallangan texnik vositalarni o‘rnatish va zarur uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarning takliflari tinglandi. Ishchi guruh tomonidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.