Milliy futbol markazida FIFA VAR seminari yakunlandi
Milliy futbol markazida FIFA VAR bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv seminari davomida o‘zbekistonlik hakamlar VAR tizimining zamonaviy talablari, undan samarali foydalanish mexanizmlari hamda o‘yin epizodlarini to‘g‘ri tahlil qilish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamladi.
Mashg‘ulotlar jarayonida instruktorlar tomonidan turli o‘yin vaziyatlari video misollar asosida batafsil ko‘rib chiqilib, hakamlarning qaror qabul qilish jarayonidagi aniqlik va tezkorlikni oshirishga qaratilgan tavsiyalar berildi. Shuningdek, VAR markazida tashkil etilgan simulyatsion mashg‘ulotlar orqali hakamlar real o‘yin sharoitiga yaqin vaziyatlarda ishlash, jamoaviy muloqot va texnologiyadan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini amaliyotda sinab ko‘rdi.
FIFA instruktori Farhod Abdullayev boshchiligida olib borilgan nazariy darslar, amaliy tahlillar hamda jismoniy sinovlar hakamlar malakasini oshirish, VAR bo‘yicha yagona talqin va yondashuvlarni mustahkamlash hamda professional tayyorgarlik sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
Shuningdek, seminarda o‘zbekistonlik hakamlar bilan bir qatorda Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan bir guruh hakamlar ham ishtirok etib, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi.