locale OZ

Milliy futbol markazida ayol hakamlar uchun tashkil etilgan FIFA seminari o‘z yakuniga yetdi

Durdona Sadullayeva Ayollar Oliy ligasi ikkinchi davra uchrashuvlaridan boshlab bosh hakam sifatida faoliyat olib borishga tayyor ekani qayd etildi.
Milliy futbol markazida ayol hakamlar uchun tashkil etilgan FIFA seminari o‘z yakuniga yetdi
photo: UFA

Milliy futbol markazida ayol hakamlar uchun tashkil etilgan FIFA seminari o‘z yakuniga yetdi.

Bir necha kun davom etgan mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar zamonaviy hakamlik, o‘yin qoidalarining amaliy qo‘llanilishi hamda o‘yin vaziyatlarini tahlil qilish bo‘yicha FIFA instruktori Ali Ahmed Altraifi rahbarligida bilim va tajribalarini yanada mustahkamladi.

Seminar yakunida ishtirokchilar nomidan FIFA instruktori Ali Ahmed Altraifiga samarali hamkorlik, tajriba almashish va mashg‘ulotlarni yuqori saviyada tashkil etgani uchun esdalik sovg‘asi topshirildi.

Shuningdek, uzoq yillar FIFA hakami sifatida xalqaro maydonlarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan, ko‘plab nufuzli xalqaro uchrashuvlarda ishlagan o‘zbekistonlik tajribali yordamchi hakam Zilola Rahmatovaning FIFA hakamlik faoliyati yakunlangani ta'kidlandi.

Endilikda u xalqaro uchrashuvlarda faoliyat olib bormaydi, biroq O‘zbekiston ayollar Oliy ligasida yordamchi hakam sifatidagi faoliyatini davom ettiradi.

FIFA instruktori Ali Ahmed Altraifi Zilola Rahmatovaga Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) nomidan tashakkurnoma topshirib, uning o‘zbek ayol hakamligi rivojiga qo‘shgan munosib hissasini alohida e'tirof etdi hamda kelgusidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Seminar davomida Hakamlar akademiyasi tinglovchisi Durdona Sadullayevaning o‘quv jarayonidagi faolligi, nazariy bilimlari, jismoniy tayyorgarligi va o‘yin qoidalarini puxta o‘zlashtirgani ham yuqori baholandi.

Durdona Sadullayeva Ayollar Oliy ligasi ikkinchi davra uchrashuvlaridan boshlab bosh hakam sifatida faoliyat olib borishga tayyor ekani qayd etildi.

Ali Ahmed Altraifi yosh hakamni ushbu yutug‘i bilan tabriklab, unga maxsus sovg‘asini topshirdi hamda kelgusidagi hakamlik faoliyatida ulkan muvaffaqiyat va omad tiladi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting