“Milan” himoyachisini bepul yo‘qotishi mumkin
Italiyaning “Milan” klubi markaziy himoyachisi Fikayo Tomori bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erisha olmayapti. 28 yoshli angliyalik futbolchi kelasi yozda jamoani erkin agent sifatida tark etishi mumkin. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Milan” rahbariyati va Tomori o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Himoyachining amaldagi shartnomasi 2027-yilning yozida yakunlanadi. Hozircha tomonlar kelishuvni uzaytirish shartlari bo‘yicha murosaga erisha olmagan.
Agar vaziyat o‘zgarmasa, Tomori kelasi yozda boshqa klubga bepul o‘tishi mumkin. Bunday holatda “Milan” futbolchining transferidan hech qanday daromad olmaydi. Angliyalik himoyachi 2021-yil yozidan buyon Italiya klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Fikayo Tomori o‘tgan mavsum Italiya A Seriyasida 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita golli uzatmani amalga oshirgan. Shuningdek, u oltita sariq va bitta qizil kartochka olgan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 10 million yevroga baholamoqda.