«Milan» Dovbikni kuzatmoqda
"Milan" "Roma"ning ukrainalik hujumchisi Artyom Dovbikni diqqat bilan kuzatmoqda. Bu haqda Tuttomercatoweb nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, "Milan" klubi qishki transferlar vaqtida jamoaning hujum chizig'ini kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Klub "Roma" forvardi Artyom Dovbikni hanuz diqqat markazida ushlab turibdi.
Shuningdek, "rossonerilar" muqobil variant sifatida Fransiyaning "Strasburg" klubidan Xoakin Panichelli yoki "Parma"dan Matteo Pellegrino transferini ham ko'rib chiqmoqda, biroq ularning transferi qishda amalga oshishi dargumon.
Ma'lumot uchun, Artyom Dovbik joriy mavsum "Roma" safida 14 ta o'yinda maydonga tushdi va 2 ta gol hamda 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Ukrainalikning "Roma" bilan shartnomasi 2029 yil 30 iyungacha mo'ljallangan.