«Milan» Disasining transferi boʻyicha «Chelsi» bilan muzokaralar olib bormoqda
«Chelsi» markaziy himoyachisi Aksel Disasi qishki transfer oynasi yopilishi arafasida jamoasini o‘zgartirishga yaqin turibdi. Taniqli insayder Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, fransiyalik futbolchiga Italiyaning «Milan» klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Hozirda «Milan» rahbariyati ham, London klubi ham futbolchining vakillari bilan muzokaralar olib bormoqda. Kelishuv katta ehtimol bilan ijara asosida amalga oshishi kutilmoqda.
E’tiborlisi, Disasiga Angliyaning «Vest Hem» klubidan ham taklif borligiga qaramay, himoyachining o‘zi faoliyatini aynan «Milan»da davom ettirishni afzal ko‘rmoqda.
Aksel Disasi 2023 yilning avgustidan buyon «Chelsi» a’zosi hisoblanadi. Biroq 27 yoshli futbolchi uchun joriy mavsum ko‘ngildagidek kechmayapti. U «aristokratlar»ning asosiy tarkibida birorta ham o‘yin o‘tkazmadi va faqatgina klubning 21 yoshgacha bo‘lgan jamoasi (U21) safida 3 ta bahsda maydonga tushdi, xolos.