Mikel Arteta: «Ben Uayt «PSJ»ga qarshi bahsni o'tkazib yuboradi»
Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta Chempionlar ligasining 2025/2026 yilgi mavsum finalidan oʻrin olgan PSJga qarshi oʻyinda qaysi futbolchilar jamoasiga yordam bera olmasligini maʼlum qildi.
Ushbu hal qiluvchi bahs ertaga, 30 may kuni Budapeshtdagi (Vengriya) «Pushkash Arena» stadionida boʻlib oʻtadi.
«Biz bor eʼtiborimizni jamlaganmiz. Bu yerda boʻlishga toʻlaqonli loyiq edik. Timber ham, Madueke ham maydonga tushishga tayyor. Faqatgina Ben Uayt ertangi bahsni oʻtkazib yuboradi. Men futbolchilarning koʻzida ringga (maydonga) tushish ishtiyoqini koʻryapman, bunday muhim uchrashuvda barcha ishtirok etishni xohlaydi», — deydi Arteta.
Eslatib oʻtamiz, yarim final bosqichida Parijning PSJ jamoasi ikki oʻyin natijasiga koʻra «Bavariya»ni 6:5 hisobida taslim etgan edi. «Arsenal» esa yarim finalda Madridning «Atletiko» klubidan ikki oʻyin natijasiga koʻra 2:1 hisobida ustun kelib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan.