Mexdi Benatia «Al Ittihod» sport direktoriga aylanishi mumkin
«Marsel» klubi sport direktori Mexdi Benatia faoliyatini Saudiya Arabistonining «Al Ittihod» jamoasida davom ettirishi mumkin. Bu haqda taniqli jurnalist va insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, Saudiya klubi Benatia bilan ehtimoliy hamkorlik borasida allaqachon muloqot o‘tkazgan. «Al Ittihod»ning amaldagi sport direktori Ramon Planes yaqin vaqt ichida klubni tark etib, Yevropadagi loyihalardan biriga qo‘shilishni rejalashtirmoqda.
Mexdi Benatia 2023 yildan buyon «Marsel» tizimida faoliyat yuritib kelmoqda, u o‘z vaqtida ushbu klub sharafini futbolchi sifatida ham himoya qilgan. Liga 1 joriy mavsumi yakunlanishiga bir tur qolganida provansalliklar 56 ochko bilan turnir jadvalida oltinchi o‘rinni egallab turishibdi.