«Metallurg» ilk nazorat o‘yinida g‘alaba qozondi
O‘z faoliyatini qayta tiklab, mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan "Metallurg" futbol klubi ilk nazorat bahsini "Lokomotiv" U21 jamoasiga qarshi o‘tkazdi. "Lokomotiv" futbol akademiyasi maydonida o‘tgan bahsda darvozalarga jami 7 ta gol urildi.
Ilhom Mo‘minjonov shogirdlari ikki bor hisobda ortda qolayotganiga qaramay, nafaqat muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘lishdi, balki yakunda g‘alabani ham o‘z tomonlariga og‘dira olishdi.
To‘g‘ri, raqib yosh "temiryo‘lchilar" edi, lekin ma’lum vaqt bir jamoa bo‘lib o‘ynagan yigitlarga qarshi, qisqa fursat davom etgan tayyorgarlikdan keyin maydonga tushgan butkul yangi tarkibdagi jamoa ishonchli harakat qila oldi. Bunday o‘yinlarda asosiy maqsad aslida natija emas, balki umumiy o‘yin sur’ati va futbolchilarning harakatlarini ko‘rishdan iborat.
Birinchi o‘tkazib yuborilgan gol vaqtida o‘ziga nisbatan qoida buzilishi qayd etilmagani uchun ochiqchasiga hayron qolgan Azimjon Ahmedov oradan bir necha daqiqa o‘tmay, penalti belgilangan vaqtda darhol mas’uliyatli vazifani zimmasiga oldi va sportchilarga xos jahd bilan to‘pni raqib darvozasi to‘rigacha yetkazdi.
Birinchi bo‘limda nisbatan tajribali futbolchilar bilan o‘yinni boshlagan "Metallurg" tanaffusga 3:2 hisobidagi ustunlik bilan chiqib ketdi. Jamoaning keyingi ikkita goliga Ibrohim Nomonov mualliflik qildi.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan qator yosh, iqtidorli futbolchilarimiz esa ustunlikni saqlab qola olishdi.
O‘rtoqlik uchrashuvi
"Metallurg" - "Lokomotiv" U-21 4:3
Gollar: Azim Ahmedov; Ibrohim Nomonov (dubl); Navruz Iminjonov — Muhammad Abdurashidov (dubl); Muhammadshoh Ahmedov