Messining singlisi avtofalokatga uchradi
«Inter Mayami» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messining singlisi Mariya Sol Messi Mayamida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida og‘ir tan jarohatlari oldi. Hodisa o‘tgan hafta sodir bo‘lgan bo‘lib, ayol rulda o‘zini yomon his qilgani sabab boshqaruvni yo‘qotgan va avtomobil devorga borib urilgan. Bu haqda Nueva Rioja nashri xabar bermoqda.
Yo‘l-transport hodisasi natijasida Mariya Sol kuyish jarohatlari bilan birga ikki umurtqa pog‘onasi, tovon suyagi va bilak suyagidan sinish olgan. Uzoq muddatli reabilitatsiya talab etilgani bois u «Inter Mayami» klubi murabbiyi Xulian Arellano bilan 3 yanvarga belgilangan to‘y marosimini kechiktirishga majbur bo‘lgan.
Davolanishdan so‘ng Mariya Sol Messi reabilitatsiya jarayonini davom ettirish uchun AQShdan o‘zining vatani — Argentinaning Rosario shahriga olib kelingan. Uning turmush o‘rtog‘i bo‘lishi kutilayotgan Xulian Arellano «Inter Mayami» U19 jamoasi murabbiyi hisoblanadi va Messi oilasi bilan 12 yildan buyon tanish.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi bo‘lib, hozirda «Inter Mayami» klubining sardori hisoblanadi. Klub o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra o‘z tarixida ilk bor MLS chempioni bo‘ldi.