Messining 10-raqamli futbolkasi kimga o‘tishi ma’lum bo‘ldi
Argentina terma jamoasining afsonaviy 10-raqamli futbolkasi Niko Pasga topshirilishi kutilmoqda. ESPN Argentina jurnalisti Federiko Buenoning ma’lum qilishicha, bosh murabbiy Lionel Skaloni terma jamoadagi kelajak rejalarida aynan 21 yoshli yarim himoyachini ushbu raqamning vorisi sifatida ko‘rmoqda.
Manbaga ko‘ra, agar Skaloni Argentina terma jamoasi bilan shartnomasini 2030-yilgacha uzaytirsa, 10-raqamni Pasga berish masalasi murabbiylar shtabida deyarli hal qilingan. Tarkibda Enso Fernandes va Aleksis Mak Allister kabi tajribaliroq futbolchilar bo‘lishiga qaramay, tanlov yosh futbolchi foydasiga qilinishi kutilmoqda.
Italiyaning “Komo” klubida to‘p surayotgan Niko Pas Argentina terma jamoasidagi dastlabki 11 uchrashuvida 18-raqamda maydonga tushgan. Klubida esa u 10-raqam ostida harakat qiladi va Argentina futbolining kelajakdagi asosiy futbolchilaridan biri sifatida qaralmoqda.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi Argentina terma jamoasida 10-raqamli futbolkani ilk bor 2009-yil mart oyida kiygan. U ushbu raqamda milliy jamoa safida 172 ta uchrashuv o‘tkazib, Argentina tarixidagi rekordni o‘rnatgan.