Messi xayrlashuv o‘yini oldidan Argentinaga yetib keldi
Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi so‘nggi uchrashuvi oldidan vataniga yetib keldi. The Touchline xabariga ko‘ra, 39 yoshli futbolchi oilasi bilan birga Rosario shahriga uchib kelgan.
Messi 6-oktabr kuni Buenos-Ayresdagi “Monumental” stadionida Benin terma jamoasiga qarshi xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazadi. Argentina futbol assotsiatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bahs mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da boshlanadi va bu Messining milliy jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘ladi.
Argentinaliklar ushbu uchrashuv uchun maxsus xayrlashuv marosimini ham tayyorlamoqda. O‘yindan oldin muxlislar uchun “Gracias, Leo” fan-festi tashkil etiladi, bahsdan keyin esa Messi faoliyatiga bag‘ishlangan alohida tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi Argentina terma jamoasi safida 207 ta uchrashuv o‘tkazib, 125 ta gol va 68 ta golli uzatma qayd etgan. U milliy jamoa bilan 2022-yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024-yillardagi Copa América hamda 2022-yilgi Finalissima g‘olibiga aylangan.