Messi va Ronaldu ilk bor bir jamoada o‘ynashi mumkin
Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu ilk bor bir jamoada maydonga tushishi mumkin. ESPN Argentina ma’lumotiga ko‘ra, Karlos Teves dekabr oyida Buenos-Ayresdagi “La Bombonera” stadionida xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Manbaga ko‘ra, uchrashuv 19-dekabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda. Teves faoliyati davomida birga o‘ynagan qariyb 60 nafar futbolchini taklif qilmoqchi. Mehmonlar orasida Messi va Ronaldu bilan bir qatorda Ueyn Runi, Andrea Pirlo va boshqa mashhur futbolchilar ham bo‘lishi mumkin.
Teves Argentina terma jamoasida Messi bilan, “Manchester Yunayted” safida esa Ronaldu bilan birga to‘p surgan. Shu sabab ikki yulduzning bir jamoada maydonga tushishi ehtimoli futbol muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Hozircha Messi va Ronalduning ishtiroki rasman tasdiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, 42 yoshli Karlos Teves professional futbolchilik faoliyatini 2022-yil iyun oyida yakunlagan. TyC Sports xabariga ko‘ra, “Boka Xuniors” prezidenti Xuan Roman Rikelme xayrlashuv uchrashuvini “La Bombonera”da o‘tkazishga rozilik bergan, aniq sana esa hali rasman e’lon qilinmagan.