Messi terma jamoada debyut qilganiga 21 yil to‘ldi
Messi terma jamoada debyut qilganiga 21 yil to‘ldi. U 47 soniyadan so‘ng chetlatilgan edi
Bundan roppa-rosa 21 yil oldin, 2005 yilning 17 avgust kuni Lionel Messi Argentina asosiy terma jamoasi safida ilk bor maydonga tushgan edi.
Kattalar terma jamoasidagi debyutidan bor-yo‘g‘i bir oy oldin Messi Niderlandiyada o‘tkazilgan U-20 jahon chempionatida g‘olib chiqqan jamoaning asosiy qahramonlaridan biriga aylangandi. O‘shanda Leo oltita gol urgan — bu turnirdagi eng yaxshi ko‘rsatkich edi, shu jumladan, Nigeriyaga qarshi finalda ikkita gol kiritgan. U birdaniga ikkita shaxsiy sovrin — «Oltin butsa» va «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgan.
2005 yilning avgust oyida Messi, xuddi 1977 yilda Diyego Maradona bo‘lgani kabi, Vengriyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini uchun terma jamoaga ilk bor chaqiruv oldi. 63-daqiqada rosariolik 18 yoshli yigitcha Lisandro Lopesni almashtirdi.
Messining «albiseleste» libosidagi birinchi o‘yini tez yakuniga yetdi. Maydonga tushganidan bor-yo‘g‘i 47 soniya o‘tib Lionel to‘pni qabul qilib oldi va uni futbolkasidan tortib to‘xtatib qolishga uringan Vilmosh Vansakdan qochib ketmoqchi bo‘ldi. Argentinalik bunga javoban qo‘lini siltab yubordi va raqibiga tirsagi bilan tegib ketdi.
Hakam tezda Messiga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. Vansak 2022 yilda o‘sha vaziyatni shunday esga olgan edi:
«Biz Argentina terma jamoasi juda kuchli ekanligini bilardik, ammo ayniqsa mana shu futbolchini ko‘rishni xohlardik, chunki o‘sha paytdayoq hamma uni katta yulduz bo‘ladi deb gapirardi. Balki uning faoliyatiga aynan men ibtido yasab bergandirman!»
U yigitcha haqiqatan ham katta yulduzga aylandi.